Rossiya Bosh prokuraturasi tomonidan o'tkazilgan tekshiruvlar natijasida Rossiya IIVning Sverdlovsk viloyati bo'yicha «Pasport-viza xizmati» (PVS) filiali sobiq rahbari Aleksandr Lukaninga nisbatan jiddiy ayblovlar ilgari surildi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 2011-yildan 2024-yilgacha filialni boshqargan mansabdor shaxs migrantlar uchun mo'ljallangan xizmatlar tizimida korrupsion sxema tashkil etgan.
Prokuratura xulosasiga ko'ra, 2016-yil sentyabridan boshlab A. Lukanin migrantlarni chalg'ituvchi sxemani yo'lga qo'ygan. Unga ko'ra, xorijlik fuqarolar hujjatlarni rasmiylashtirish uchun davlat idorasiga to'lov qilgandan so'ng, yana unga aloqador bo'lgan xususiy kompaniyalarga ham qo'shimcha haq to'lashga majbur bo'lishgan. Ushbu noqonuniy faoliyat orqali olingan umumiy daromad 1,2 milliard rubldan oshib ketgan.
Aniqlanishicha, ushbu mablag'lar evaziga mansabdor shaxs o'zi, turmush o'rtog'i va qizi nomiga 300 million rubldan ortiq qiymatga ega 52 ta ko'chmas mulk obyektini xarid qilgan. Ayni paytda A. Lukanin mansab vakolatini suiiste'mol qilishda ayblanib, 2024-yilda hibsga olingan va unga nisbatan jinoiy ish hamda aksilkorrupsiya tekshiruvlari olib borilmoqda.
Ushbu holat migrantlarga hujjat topshirish jarayonida faqat rasmiy davlat idoralari orqali ish ko'rish va shubhali vositachi kompaniyalarning xizmatlaridan ehtiyot bo'lish muhimligini ko'rsatadi. Prokuratura ma'lumotlariga ko'ra, noqonuniy yo'l bilan orttirilgan barcha aktivlar davlat foydasiga musodara qilinishi rejalashtirilgan.









