Rossiyadagi Migratsiya markazi dam olish kunlarisiz, ya'ni shanba va yakshanba kunlari ham o'z faoliyatini davom ettirmoqda. Bu o'zgarish migrantlarga ish vaqtidan tashqari vaqtlarda hujjatlar bilan bog'liq masalalarni hal qilish imkonini beradi.
Dam olish kunlari markazda patent olish yoki uni qayta rasmiylashtirish, tayyor patentni olib ketish, tibbiy ko'rikdan o'tish va imtihon topshirish kabi xizmatlardan foydalanish mumkin. Shuningdek, "yashil" va "qizil" kartalarni olish hamda hujjatlar to'plamini shakllantirishda yordam xizmatlari mavjud.
Bundan tashqari, markazda RVP (vaqtincha yashash ruxsatnomasi), VNJ (yashash guvohnomasi) va Rossiya fuqaroligini olish uchun oldindan yozilish talonlarini olish yoki hujjat topshirish imkoniyati yaratilgan. Patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish to'g'risidagi xabarnomalarni ham dam olish kunlari topshirish mumkin.
Ma'muriyat navbatlarni kamaytirish maqsadida markazga kunning ikkinchi yarmida tashrif buyurishni tavsiya qiladi. Patent topshirish uchun soat 08:00 dan 12:00 gacha bo'lgan vaqtda oldindan yozilish talab etiladi. RVP, VNJ va fuqarolik bo'yicha hujjat topshirish uchun esa oldindan yozilish taloni bo'lishi shart.









