Moskva viloyatida xorijlik fuqarolar uchun hujjatlarni rasmiylashtirish bo'yicha yangi qoidalar joriy etildi. Unga ko'ra, O'zbekiston fuqarolari Rossiyaga kirib kelganidan so'ng 15 kun ichida migratsiya hisobiga turishi shart. Armaniston, Qozog'iston va Qirg'iziston fuqarolari uchun bu muddat 30 kun, boshqa xorijliklar uchun esa 7 ish kunini tashkil etadi.
Mehnat migrantlari kirib kelganidan so'ng 30 kalendar kun ichida daktiloskopiya va suratga tushish tartibidan o'tishi kerak. 90 sutkadan ortiq qolishni rejalashtirganlar uchun tibbiy ko'rikdan o'tish muddati 30 kalendar kun etib belgilangan va uni har yili takrorlash talab etiladi. Patent olish uchun ariza «Saxarovo» ko'p funksiyali migratsiya markaziga 30 kalendar kun ichida topshirilishi lozim. Hujjatlarni rasmiylashtirish 10 ish kunini oladi, muddatlarni buzish 10 mingdan 15 ming rublgacha jarimaga sabab bo'lishi mumkin.
Shuningdek, 2026-yil 1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatida «Amina» ilovasidan foydalanish majburiyati kengaytirildi. Endilikda talabalar, mehnat migrantlarining oila a'zolari va 90 kundan ortiq muddatga xususiy ishlar bilan kelganlar ushbu ilovani yuklab olishi shart. Ilova xorijlikning ro'yxatdan o'tgan manzilida yashayotganini nazorat qiladi.
Agar foydalanuvchining geolokatsiyasi 3 ish kunidan ortiq vaqt davomida aniqlanmasa, xorijlik migratsiya hisobidan chiqarilishi va nazorat ostidagi shaxslar reestriga kiritilishi mumkin. Qoidalarni buzish yoki bo'lish muddatidan oshib ketish 5 mingdan 7 ming rublgacha jarima hamda mamlakatdan chiqarib yuborish bilan jazolanishi mumkin.









