SOS
Hujjatlar

Noqonuniy hujjat olgan migrantlar tekshirilmoqda: Moskvada jinoiy guruh fosh etildi

Noqonuniy hujjat olgan migrantlar tekshirilmoqda: Moskvada jinoiy guruh fosh etildi

Moskva shahrida noqonuniy migratsiya kanali fosh etildi. Rossiya Tergov qo'mitasining ma'lum qilishicha, jinoyatda ayblanayotgan 7 kishilik guruh tarkibida ichki ishlar organlarining uch nafar sobiq xodimi ham bor. Guruh a'zolari noqonuniy migratsiyani tashkil etish, chet el fuqarolarini soxta ro'yxatga olish hamda mansab vakolatini suiiste'mol qilishda ayblanmoqda.

Rossiya IIV rasmiy vakili Irina Volkning xabar berishicha, ushbu shaxslar pul evaziga migrantlarga Rossiya fuqaroligi, yashash ruxsatnomasi (VNJ) va boshqa migratsiya maqomlarini olishda yordam berishgan. Tergov davomida 20 ta soxta migratsiya hisobiga qo'yish holati aniqlangan. Tintuvlar davomida soxta hujjatlar, muhrlar va boshqa daliliy ashyolar musodara qilingan.

Jinoyat ishi doirasida Moskva va Moskva viloyatida guruhning faol a'zolari, soxta uy egalari hamda vositachilik qilgan shaxslar qo'lga olingan. Gumonlanuvchilar orasida tuman migratsiya bo'linmalarining ikki nafar amaldagi xodimi ham borligi ma'lum qilindi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda va ushbu sxema orqali hujjat olgan barcha shaxslarning qilmishlari tekshirilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Rossiyada migratsiya qonunchiligini buzish, jumladan, soxta hujjatlardan foydalanish jiddiy huquqiy oqibatlarga olib keladi. Avvalroq Rossiya prezidenti tomonidan imzolangan qonunga ko'ra, chet el fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish (deportatsiya) asoslari kengaytirilgan edi.

28.09.20267