Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab patent asosida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy fuqarolar uchun yangi qoidalarni joriy etmoqda. Endilikda xabarnoma topshirish tartibi ish beruvchining maqomiga qarab turlicha bo'ladi.
Agar xorijiy fuqaro jismoniy shaxs (oddiy fuqaro) qo'lida ishlayotgan bo'lsa, u patent olgan kundan boshlab ikki oy muddat ichida IIVning hududiy organiga mustaqil ravishda xabarnoma taqdim etishi shart.
Agar migrant yuridik shaxs (kompaniya yoki tashkilot) bilan mehnat shartnomasi tuzgan bo'lsa, xodimni ishga qabul qilish yoki ishdan bo'shatish haqidagi xabarnomani ish beruvchining o'zi uch kunlik muddat ichida IIVga yuborishi kerak. Ish beruvchilar uchun ushbu xabarnomani "Gosuslugi" portali orqali yuborish eng qulay usul sifatida tavsiya etilmoqda.
Shuni yodda tutish kerakki, xorijlik xodim ishdan bo'shatilgani haqida IIVni o'z vaqtida xabardor qilmagan ish beruvchilar uchun qat'iy javobgarlik belgilangan. Qoidalarni buzgan tashkilotlarga 800 000 rublgacha jarima solinishi yoki ularning faoliyati 90 sutkagacha muddatga vaqtincha to'xtatilishi mumkin.









