Rossiya Tergov qo‘mitasining Oryol viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabariga ko‘ra, to‘qqiz nafar xorijiy davlat fuqarosi qalbaki hujjatlar tayyorlash va ulardan foydalanishda aybdor deb topildi. Sud jarayonida ularning jinoiy harakatlari to‘liq isbotlangan.
Aniqlanishicha, jinoiy guruh a’zolari 2024-yil 1-oktabrdan 2025-yil 16-yanvargacha bo‘lgan davrda Markaziy Osiyo respublikalaridan birining 200 dan ortiq qalbaki pasporti va boshqa rasmiy hujjatlarini tayyorlagan. Bunda soxta muhrlar, shtamplar va blankalardan foydalanilgan.
Ushbu hujjatlar nafaqat sotilgan, balki ayblanuvchilar tomonidan Oryol shahridagi bank muassasalarida bank kartalarini ochish maqsadida ham ishlatilgan. Jinoyat ishi Rossiya IIV va FXXning Oryol viloyati bo‘yicha boshqarmalari tomonidan to‘plangan tezkor ma’lumotlar asosida qo‘zg‘atilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchilar 3 yildan 4 yilgacha bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Ular jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydilar.









