Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasining Qalmiqiston Respublikasi bo'yicha tergov boshqarmasi xorijiy fuqarolarning mamlakat hududida bo'lish qoidalari hamda noqonuniy migratsiyani tashkil etish uchun belgilangan javobgarlik to'g'risida ma'lumot berdi. Rasmiy xabarga ko'ra, migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklar uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik choralari ko'zda tutilgan.
Qonunchilikka ko'ra, xorijiy fuqarolarni soxta ro'yxatga qo'yish taqiqlanadi. Bu deganda, haqiqatda yashash niyati bo'lmagan holda yoki soxta hujjatlar asosida yashash joyi bo'yicha hisobga olish, shuningdek, ish faoliyati olib borilmaydigan tashkilot manzili bo'yicha ro'yxatdan o'tish tushuniladi.
Rossiya Jinoyat kodeksining 322.1-moddasida xorijiy fuqarolarning mamlakatga noqonuniy kirishi, noqonuniy bo'lishi yoki tranzit o'tishini tashkil etganlik uchun jazo belgilangan. Shuningdek, 322.2 va 322.3-moddalar soxta ro'yxatga olish holatlari uchun ham jinoiy javobgarlikni nazarda tutadi. Ushbu qilmishlar uchun jarima, majburiy ishlar yoki ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.
Migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklar haqida xabar berish uchun Qalmiqiston Tergov boshqarmasining «Vkontakte» ijtimoiy tarmog'idagi sahifasi (vk.com/suskrk), internet-qabulxonasi (https://kalmykia.sledcom.ru/folder/873299/) yoki 8 (84722) 3-60-17 telefon raqami orqali bog'lanish mumkin.









