2026-yil 1-sentabrdan Rossiyada bir qator qonunchilik o‘zgarishlari kuchga kirdi. Xususan, xorijlik fuqarolar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tish muddati qisqartirildi. Endilikda chet el fuqarolari tibbiy ko‘rikni 90 kun emas, balki 30 kun ichida o‘tishlari shart.
Mehnat sharoitlarida ham o‘zgarishlar ro‘y berdi. Yillik ortiqcha ish vaqti (sverxurochnaya rabota) limiti 120 soatdan 240 soatgacha oshirildi. Bunda 121-soatdan boshlab har bir ortiqcha ishlangan soat kamida ikki barobar miqdorda to‘lanishi belgilandi. Shuningdek, 3 yoshgacha bolasi bor ayollar hamda yolg‘iz ota yoki vasiylar uchun ishga kirishda sinov muddatini belgilash taqiqlandi.
Ijtimoiy sohada ham yangiliklar bor. 64 yoshga to‘lgan erkaklar va 59 yoshga to‘lgan ayollar uchun muayyan shartlar asosida ikkinchi pensiyani rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, maktablarda dars vaqtida mobil telefonlardan foydalanish taqiqlandi va maktab qo‘ng‘iroqlari o‘rniga musiqiy ohanglar joriy etildi.
Shuningdek, Rossiyada raqamli rubl muomalaga kiritila boshlandi hamda fuqarolarga qimor o‘yinlarida ishtirok etishni cheklash uchun o‘zini-o‘zi taqiqlash reestriga ariza berish huquqi taqdim etildi. Tibbiy dispanserizatsiya tartibiga esa yurak-qon tomir tizimini tekshirish bo‘yicha qo‘shimcha tekshiruvlar kiritildi.









