Rossiyada vizasiz tartibda bo'lib turgan xorijliklar uchun migratsiya qoidalariga rioya qilish tartibi kuchaytirildi. Agar chet el fuqarosi mamlakatga qayta kirganda qoidalarni, jumladan, bo'lish muddatini yoki hujjatlarni rasmiylashtirish tartibini yana bir bor buzsa, u nazorat ostidagi shaxslar reestriga kiritilishi mumkin.
Mutaxassislar eslatishicha, vizasiz mamlakatlar fuqarolari uchun «90/365» qoidasi amal qiladi: yil davomida Rossiyada jami 90 kundan ortiq bo'lish taqiqlanadi. Mamlakatdan chiqib, qayta kirish bu muddatni «nolga tushirmaydi». Shuningdek, patent, vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) yoki yashash guvohnomasi (VNJ) muddatlarini o'z vaqtida uzaytirish muhim. Hujjat muddati hatto bir kunga o'tib ketsa ham, u bekor qilinishi va fuqaro reestrga tushishi xavfi mavjud.
Patent uchun to'lovlarni amalga oshirishda ham ehtiyotkorlik talab etiladi. To'lovni bir kun kechiktirish patentning bekor qilinishiga olib keladi, uni qayta tiklab bo'lmaydi va yangisini faqat bir yildan keyin rasmiylashtirish mumkin bo'ladi. Bundan tashqari, ruxsatnomasiz ishlash, soxta hujjatlardan foydalanish yoki vaqtinchalik ro'yxatdan o'tish qoidalarini buzish jarima, deportatsiya hamda 10 yilgacha kirish taqiqiga sabab bo'lishi mumkin.
Migrantlarga pasport, notarial tarjima, migratsiya kartasi, ro'yxatdan o'tganlik to'g'risidagi bildirishnoma va patent to'lovlari cheklarini doimo o'zlari bilan olib yurish tavsiya etiladi. Moskva va Moskva viloyatida ishlayotgan vizasiz migrantlar o'z turar joylari haqidagi ma'lumotlarni «Amina» ilovasi orqali xabar qilib borishlari shart.









