Yekaterinburgdagi O'zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari og'ir vaziyatga tushib qolgan vatandoshimizga yordam ko'rsatdi. Toshkent viloyatidan bo'lgan A.D. ismli fuqaro 2026-yilning yanvar oyida Sverdlovsk viloyatiga mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kelgan edi.
Joriy yilning iyul oyida hamyurtimiz yashash joyida yiqilib tushishi oqibatida umurtqa pog'onasidan jiddiy jarohat olgan. Mablag'i bo'lmagani sababli u zarur tibbiy yordam ololmagan va ishlash imkoniyatidan mahrum bo'lgan. Shuningdek, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yaroqsiz holga kelib qolgan.
Fuqaro 8-sentyabr kuni Bosh konsulxonaga murojaat qilganidan so'ng, diplomatlar vaziyatni o'rganib chiqdi. Natijada unga O'zbekistonga qaytish guvohnomasi rasmiylashtirib berildi va Migratsiya agentligi jamg'armasi mablag'lari hisobidan “Yekaterinburg–Toshkent” yo'nalishidagi aviareysga chipta xarid qilindi.
11-sentyabr kuni hamyurtimiz Bosh konsulxona hamda Migratsiya agentligi xodimlari kuzatuvi ostida O'zbekistonga eson-omon qaytarildi.









