Rossiyada pasport, SNILS, mehnat patenti yoki migratsiya kartasini yo'qotish jiddiy oqibatlarga, jumladan, jarimalar va deportatsiyaga olib kelishi mumkin. Bunday vaziyatda hujjatlarni zudlik bilan tiklash choralarini ko'rish talab etiladi.
SNILS raqamini tiklash uchun "Gosuslugi" portali, ish beruvchi yoki ko'p funksiyali markazlarga (MFC) murojaat qilish mumkin. Hozirgi kunda jismoniy karta berilmaydi, ma'lumotlar elektron shaklda saqlanadi va xizmat bepul ko'rsatiladi. Agar pasport ma'lumotlari o'zgarsa, SNILSdagi ma'lumotlarni ham yangilash lozim.
Milliy pasport yo'qolganda, avvalo, politsiyaga ariza berib, ma'lumotnoma olish kerak. Shundan so'ng, O'zbekistonning Rossiyadagi konsullik muassasalariga murojaat qilinadi. Konsullik pasportni tiklash yoki vatanga qaytish uchun guvohnoma berish masalasini hal qiladi. Pasport yo'qligini tasdiqlovchi politsiya ma'lumotnomasi jarimalardan himoya qiladi.
Mehnat patenti yo'qolganda, uning dublikatini olish uchun "Gosuslugi" yoki IIV migratsiya bo'limiga murojaat qilish zarur. Dublikat olish uchun davlat boji 2 100 rublni tashkil etadi. Muhim qoida: ariza patentning to'langan muddati tugaguniga qadar topshirilishi shart, aks holda patent bekor qilinadi.
Migratsiya kartasini tiklash uchun politsiyadan yo'qotilganlik haqida ma'lumotnoma olib, yashash joyidagi IIV migratsiya bo'limiga borish kerak. U yerda barmoq izlari olinib, dublikat rasmiylashtiriladi. Hujjat tiklangach, yashash joyi bo'yicha qayta ro'yxatdan o'tish (uvedomlenie) talab etiladi.









