Yamal-Nenets avtonom okrugidagi “Salexarddorstroy” kompaniyasining sobiq direktori Renat Deryabin migrantlarga Rossiyada qonuniy asoslarsiz qolish imkonini beruvchi qalbaki hujjatlar tayyorlagani uchun ozodlikdan mahrum etildi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, u 2018-yildan 2026-yilning fevraligacha bo'lgan davrda kamida 75 nafar xorijlik fuqaro uchun qalbaki soliq deklaratsiyalari va xabarnomalarni rasmiylashtirib bergan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, ushbu xizmatlar uchun migrantlar o'rtacha 4 ming rubl to'lagan. Deryabinning bank hisob raqamiga xorijliklar tomonidan jami 583,6 ming rubl miqdorida 167 ta pul o'tkazmasi amalga oshirilgan. Qalbaki hujjatlardan asosan rasmiy ish joyiga ega bo'lmagan O'zbekiston, Tojikiston va Armaniston fuqarolari foydalangani aniqlangan.
Sobiq rahbar o'z aybiga to'liq iqror bo'lib, prokuratura bilan hamkorlik qilgan. U o'z harakatlarini jinoyat deb hisoblamaganini va noqonuniy migratsiyani tashkil etishni maqsad qilmaganini bildirgan. Shunga qaramay, sud uni qalbaki hujjatlar tayyorlagani uchun koloniyaga jo'natish to'g'risida qaror qabul qildi.
Ta'kidlash joizki, sud jarayonida Deryabinning faoliyatiga ijobiy tavsifnomalar berilgan, jumladan, Salexard shahri meri Aleksey Titovskiy ham uning nomzodini qo'llab-quvvatlagan. Shuningdek, sudlanuvchi tergov davomida mahalliy byudjet mablag'larini o'zlashtirish bilan bog'liq boshqa holatlar bo'yicha ham ko'rsatmalar bergan.









