SOS
Hujjatlar

Rossiyaning qaysi hududlarida ish ruxsatnomasi bilan mehnat qilayotganlar ko'p?

Rossiyaning qaysi hududlarida ish ruxsatnomasi bilan mehnat qilayotganlar ko'p?

Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) 2026-yilning dastlabki to'qqiz oyi uchun xorijlik ishchilarning hududlar bo'yicha taqsimotiga oid statistikani e'lon qildi. Unga ko'ra, joriy yilda Rossiya bo'ylab jami 215,3 ming nafar xorij fuqarosi ish ruxsatnomasini rasmiylashtirgan. Bu ko'rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan qariyb 18 foizga ko'pdir (o'tgan yili 177 ming kishi qayd etilgan).

Statistikaga ko'ra, ish ruxsatnomasi bilan faoliyat yuritayotgan xorijliklarning eng katta qismi Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatiga to'g'ri keladi. Ushbu ikki hududda jami 51,4 ming nafar xorijlik xodim mehnat qilmoqda. Shuningdek, yetakchi hududlar qatoridan Moskva (29,6 mingdan ortiq) va Moskva viloyati (23,1 ming) ham joy olgan.

Bundan tashqari, Primorye o'lkasida 13,1 ming, Amur viloyatida 10,4 ming, Xabarovsk o'lkasida 10,3 ming, Zabaykalye o'lkasida 8,8 ming va Tataristonda 6,9 ming nafar xorijlik ish ruxsatnomasi asosida ishlamoqda. Eng kam ko'rsatkich esa Chuvashiya, Kurgan viloyati, Shimoliy Osetiya, Checheniston va Dog'iston kabi hududlarda kuzatilgan.

Eslatib o'tamiz, ish ruxsatnomasi Rossiyaga viza asosida kirib kelgan xorijliklar uchun talab qilinadi. Viza talab etilmaydigan tartibda kelgan migrantlar esa ishlash huquqini beruvchi patent rasmiylashtirishlari lozim. Ushbu ma'lumotlar faqat rasmiy ruxsatnoma olgan xodimlarni qamrab oladi.

11.11.20266