Rossiya Ichki ishlar vazirligi (IIV) vaqtinchalik yashash ruxsatnomasi (RVP) va yashash guvohnomasiga (VNJ) ega bo'lgan xorijiy fuqarolarning mehnat faoliyati to'g'risida xabardor qilish tartibini belgilovchi buyruq loyihasini tayyorladi. Ushbu yangilik 2026-yil 26-iyulda qabul qilingan federal qonun ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Ushbu talab xususiy shaxslar tomonidan shaxsiy, maishiy va boshqa tadbirkorlik faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan yumushlarni bajarish uchun yollangan shaxslarga taalluqlidir. Bularga, xususan, enagalar, repetitorlar, oshpazlar yoki bog'bonlar kabi xizmat turlari kiradi. Bunday faoliyatni boshlagan xorijliklar 10 kun muddat ichida hududiy IIV organlarini xabardor qilishlari shart.
Xabarnomani shaxsan (yoki vakolatli tashkilot orqali), pochta orqali buyurtma xat bilan yoki "Gosuslugi" portali orqali elektron shaklda yuborish mumkin bo'ladi. Hujjat rus tilida, xatolarsiz va qisqartmalarsiz to'ldirilishi talab etiladi. Shuningdek, xabarnomaga shaxsiy ma'lumotlarni qayta ishlashga rozilik va mehnat yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma nusxasi ilova qilinishi kerak.
Bundan tashqari, qonunchilikdagi o'zgarishlarga ko'ra, ushbu toifadagi xorijliklar Rossiyada yashashini tasdiqlovchi yillik hisobotni topshirishda daromadlarini belgilangan avans to'lovi ko'rinishidagi soliq to'lovlari orqali tasdiqlash imkoniyatiga ega bo'ladilar. Yangi qoidalar 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi kutilmoqda.









