Sochi shahrida 50 yoshli erkak xorijlik fuqarolarga soxta propiska (vaqtincha ro'yxatdan o'tish) sotganlikda gumonlanib qo'lga olindi. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, u o'z uyida 28 nafar xorijlikni noqonuniy ravishda ro'yxatdan o'tkazgan.
Qayd etilishicha, erkak har bir kishi uchun 3 ming rubl miqdorida haq olgan. Ayrim hollarda esa to'lov sifatida pul o'rniga pivo va baliq mahsulotlarini qabul qilgan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, unga 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin.
Migrantlar uchun soxta ro'yxatdan o'tish jiddiy huquqiy xavflarni keltirib chiqaradi. Xususan, Rossiya IIV organlari tomonidan aniqlangan soxta propiska holatlari xorijlik fuqarolarning Rossiya Federatsiyasiga kirishiga taqiq qo'yilishiga yoki patent olish jarayonida rad javobini olishiga sabab bo'lishi mumkin.
Rossiya IIV kelgusi yildan boshlab noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish uchun maxsus tahliliy markaz ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Ushbu markaz migratsiya jarayonlari bilan bog'liq ma'lumotlarni tahlil qilib, qonunbuzarliklarni samaraliroq aniqlashga xizmat qiladi.









