Sankt-Peterburg shahrida noqonuniy migratsiyani tashkil etishda ayblangan 12 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o'qildi. Shahar prokuraturasi ma'lumotlariga ko'ra, jinoiy guruh a'zolari 2015-yilning avgustidan 2024-yilning martigacha bo'lgan davrda xorijliklarning Rossiya hududida noqonuniy qolishiga ko'maklashgan.
Sud jarayonida aniqlanishicha, ayblanuvchilar xorijiy fuqarolarga oila qurish niyatisiz soxta nikohlar tuzishda yordam berishgan. Bunda guruh a'zolarining o'zlari “turmush o'rtoq” sifatida ishtirok etishgan. Nikoh rasmiylashtirilgach, ular xorijliklarga tegishli hujjatlarni tayyorlash va ularni qonuniylashtirish jarayonlarida ko'maklashgan. Umuman olganda, ushbu sxema orqali kamida 19 nafar xorijiy fuqaroning Rossiyadagi maqomi noqonuniy tarzda legallashtirilgan.
Sud ayblanuvchilarga ularning qilmishiga qarab turlicha jazo tayinladi. Hukmga ko'ra, jazo muddatlari 1 yil 10 oylik shartli qamoq jazosidan tortib, 3 yil 6 oylik umumiy tartibli koloniyada saqlashgacha belgilandi.
Ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot organlari tomonidan ko'rilgan choralar natijasida barcha soxta nikohlar bekor qilindi. Shuningdek, ushbu sxema orqali olingan xorijiy fuqarolarning vaqtinchalik yashash ruxsatnomalari (RVP) ham bekor qilingani ma'lum qilindi.









