Stavropol oʻlkasida 2027-yilda yollanib ishlayotgan xorijiy fuqarolar uchun patent qiymati oyiga 10 ming rublgacha oshirilishi mumkin. Region hukumati tomonidan oʻlka dumasiga tegishli qonun loyihasi kiritilgan, deb xabar bermoqda “Argumenti i fakti — Severniy Kavkaz”.
Qonun loyihasida patent narxini hisoblashda qoʻllaniladigan mintaqaviy koeffitsiyentni 2026-yildagi 2,5 dan 2027-yilda 2,7 gacha oshirish koʻzda tutilgan. Hozirgi vaqtda oylik toʻlov miqdori 8,5 ming rublni tashkil etadi.
Oʻlka hukumati koeffitsiyentni oʻzgartirish zaruratini oʻrtacha oylik nominal ish haqining kutilayotgan oʻsishi bilan izohlamoqda. 2027-yilda ushbu koʻrsatkich 78,6 ming rublni, hisoblangan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (NDFL) esa 10,2 ming rublni tashkil etishi mumkin.









