Tatariston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning yanvaridan avgustigacha bo'lgan davrda sudlar tomonidan migratsiya tartibi va mehnat faoliyati qoidalarini buzganlik uchun 2731 ta chiqarib yuborish qarori qabul qilingan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida ushbu ko'rsatkich 996 tani tashkil etgan edi.
Shuningdek, joriy yilning sakkiz oyi davomida 5280 nafar xorijlik fuqaroga Rossiyaga kirish taqiqlangan. O'tgan yilning mos davrida bu ko'rsatkich 1711 tani tashkil etgan. Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon 78 ta deportatsiya qarori qabul qilingan.
Rossiya qonunchiligidagi o'zgarishlarga ko'ra, ma'muriy huquqbuzarliklar uchun chiqarib yuborish chorasi qo'llaniladigan moddalar ro'yxati kengaytirildi. Endilikda mayda bezorilik, mitinglardagi qoidabuzarliklar, yo'llarni to'sish, giyohvand moddalarni iste'mol qilish va boshqa bir qator qoidabuzarliklar uchun ham xorijliklar mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.
Ish beruvchilar uchun ham nazorat kuchaytirilgan. Xususan, xorijiy fuqaro bilan mehnat shartnomasi tuzilganligi to'g'risida 3 kunlik muddatda xabarnoma taqdim etmagan tashkilotlarga nisbatan 607 ta ma'muriy bayonnoma rasmiallashtirilgan. Migratsiya sohasidagi qonunbuzarliklarni aniqlash bo'yicha nazorat tadbirlari davom etmoqda.









