Sverdlovsk viloyati migratsiya xizmati ma'lumotlariga ko'ra, 2026-yilning birinchi yarmida hududda 29,3 mingta mehnat patenti rasmiylashtirilgan. Taqqoslash uchun, 2025-yilning shu davrida bu ko'rsatkich 37,3 mingtani tashkil etgan edi. Mazkur pasayish tendensiyasi umumrossiya miqyosidagi 20,8 foizlik o'rtacha ko'rsatkichga mos keladi.
Mutaxassislar patent berish hajmining kamayishiga bir nechta omillar sabab bo'layotganini ta'kidlashmoqda. Jumladan, viloyatda xorijlik ishchilar faoliyati uchun 20 ta iqtisodiy sohada cheklovlar joriy etilgani, mehnat bozori kon'yunkturasining o'zgarishi hamda patent narxining oshishi kutilayotgani shular jumlasidandir. Hozirda patent qiymatini 9,5 ming rubldan 11 ming rublga ko'tarish bo'yicha qonun loyihasi ko'rib chiqilmoqda.
Statistikaga ko'ra, xorijlik ishchilarning 90 foizi qurilish, ishlab chiqarish, savdo va yuk tashish sohalarida band bo'lib, ularni 5,5 mingga yaqin kompaniya yollaydi. Qolgan 10 foiz migrantlar xususiy shaxslar qo'lida yordamchi lavozimlarda ishlaydi. Patent oluvchilar orasida O'zbekiston va Tojikiston fuqarolari ko'pchilikni tashkil etadi, ular odatda o'rtacha 8 oy muddatga ruxsatnoma rasmiylashtiradilar.
Kelgusi istiqbollar bo'yicha mintaqa hukumati turli ssenariylarni ko'rib chiqmoqda. Bazaviy prognozlarga ko'ra, 2028–2029-yillarga kelib viloyatdagi migrantlar soni 110 ming nafargacha yetishi mumkin. Biroq iqtisodiy va tashqi omillar ta'siridagi salbiy ssenariyda bu ko'rsatkich 102,5 ming kishigacha tushib ketish ehtimoli ham mavjud.









