Omsk viloyat prokuraturasi narkotik moddalarni ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh a’zolariga nisbatan sud hukmini e’lon qilishni so‘radi. Ayblanuvchilar orasida Omsk va Novosibirsk shaharlari aholisi bilan bir qatorda xorijiy davlatlar fuqarolari ham bor. Guruh a’zolari 2022-yilning sentyabr oyida o‘tkazilgan maxsus operatsiya davomida qo‘lga olingan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh Omsk, Kemerovo viloyatlari va Oltoy o‘lkasida mefedron ishlab chiqarish laboratoriyalarini tashkil etgan. Tayyorlangan sintetik giyohvand moddalar internet orqali sotilgan, tushgan mablag‘lar esa kriptovalyutaga o‘tkazilib, naqdlashtirilgan. Tintuvlar davomida umumiy qiymati 200 million rubldan ortiq bo‘lgan 78 kilogrammdan ziyod taqiqlangan moddalar musodara qilingan.
Prokuratura ayblov xulosasida guruhning uch nafar rahbariga 23 yildan 24 yilgacha qamoq jazosi, shuningdek, 4,5 million rubl miqdorida jarima tayinlashni talab qildi. Guruh tarkibida “kimyogar”, “yetkazib beruvchi”, “kuryer” va “texnik yordam operatori” vazifalarini bajargan qolgan ishtirokchilarga esa 18 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘ralmoqda.
Sud jarayonida ayblanuvchilarning mol-mulki, ko‘chmas mulklari va bank hisob raqamlari xatlovga olingan. Ushbu holat Rossiya hududida noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish, xususan, giyohvand moddalar savdosiga aralashib qolish juda og‘ir jinoiy oqibatlarga, jumladan, uzoq muddatli qamoq jazosiga olib kelishini yana bir bor eslatib o‘tadi.









