Chelyabinsk viloyatida huquq-tartibot organlari tomonidan 600 nafardan ortiq ishtirokchiga ega bo‘lgan yirik jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Hozirgi kunda mazkur guruhning noqonuniy harakatlari bo‘yicha 20 dan ortiq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Guruh yetakchisi sifatida ko‘rilayotgan 41 yoshli Artak Varosyan 2025-yilning noyabr oyida hibsga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruh tovlamachilik, odam o‘g‘irlash, qimmatbaho metallar savdosi va noqonuniy qimorxonalarni tashkil etish bilan shug‘ullangan. Guruh a’zolari, shuningdek, yo‘l qurilishi sohasidagi korxonalarga bosim o‘tkazishda ham ayblanmoqda. Tergov jarayonida guruhning 30 ga yaqin faol a’zosi aniqlangan.
Eng xavotirli holatlardan biri — guruhning voyaga yetmaganlarni jinoyatga jalb qilgani bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xabariga ko‘ra, guruh kuratorlari o‘zbek, tojik va arman diasporalariga mansub o‘smirlarni bosim va mafkuraviy ta’sir o‘tkazish yo‘li bilan o‘z safiga qo‘shib olgan. O‘smirlar pul yuvish va noqonuniy mablag‘larni naqdlashtirish (dropperlik) ishlariga majburan jalb qilingan.









