Rossiya Harbiy apellyatsiya sudi 19-oktabr kuni general-leytenant Igor Kirillov va uning yordamchisi Ilya Polikarpovga qarshi amalga oshirilgan terakt ishi bo'yicha hukmni o'z kuchida qoldirdi. Sudlanuvchilarning himoyachilari jazoni yengillashtirishni so'rab qilgan murojaatlari qanoatlantirilmadi.
Jinoyat ishi materiallariga ko'ra, 2024-yil 17-dekabrda O'zbekiston fuqarosi Axmadjon Qurbonov general yashaydigan uy oldiga portlovchi moslama o'rnatilgan elektrosamokatni qoldirgan. Portlash oqibatida ikki ofitser halok bo'lgan. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, ushbu harakatlar uchun ijrochiga 100 ming dollar va'da qilingan.
Sud qarori bilan asosiy ijrochi Axmadjon Qurbonov umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Shuningdek, ishga aloqador bo'lgan Robert Safaryan 25 yilga, Batuxan Tochiyev 22 yilga va Ramazon Padiyev 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Sudlanuvchilar, shuningdek, jabrlanuvchilarning yaqinlari foydasiga 16,2 million rubl miqdorida moddiy zarar to'lashga majbur etildi.
Bundan tashqari, portlash oqibatida zarar ko'rgan 14 ta avtomobil va 28 ta xonadonni ta'mirlash uchun 3,3 million rubl zarar yetkazilgani aniqlangan. Tergov davomida jinoyatni tayyorlash uchun jami 842 ming rubl sarflangani ma'lum bo'ldi.









