U Rossiyaga jang qilish uchun bormagan edi. 2024-yil avgust oyida termizlik 18 yoshli A.H. musofirlikka yo‘l olganda, maqsadi oddiy edi — omborda ishlab pul topish. Biroq, 2025-yil 24-mart kuni yosh muhojir ko‘proq pul topish istagida Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzoladi. Unga oyiga 230 ming rubl maosh, harbiy guvohnoma va kiyim-bosh berildi. Qisqa harbiy tayyorgarlikdan so‘ng u to‘g‘ri Luganskdagi urushning qaynoq nuqtasiga tashlandi.
Front chizig‘i va’da qilingan pullar qon evaziga kelishini tezda isbotladi. Jangga kirgan ilk kunlaridayoq A.H. dron portlashidan oyog‘i va boshidan jarohat oldi. Gospitalda davolanib chiqqach, uni yana frontga — snaryad yetkazib berishga qaytarishdi. Biroq, 2025-yil 19-avgust kuni navbatdagi dron portlashi uning butun tanasini og‘ir shikastladi. U Moskvadagi harbiy gospitalda 35 kun davomida o‘lim bilan kurashdi.
O‘lim sharpasi yosh yigitning dunyoqarashini o‘zgartirdi va u urushda qatnashish niyatidan butunlay qaytdi. 2025-yil oktyabr oyida ikki oylik ta’tildan foydalanib Turkiyaga qochib ketdi va Anqaradagi universitetlardan birida o‘qiy boshladi. Ammo qonun oldidagi javobgarlik muqarrar edi — 2026-yil 3-mart kuni u O‘zbekistonga qaytib keldi.
Tergov davomida yigitning Redmi Note 7 telefonidagi Google Photos akkauntidan harbiy shartnoma, jeton va qurol bilan tushgan suratlari topildi. Sudda yigit qilmishidan qattiq pushaymonligini bildirdi. Sud uning muqaddam sudlanmagani, oilaviy sharoiti va olgan og‘ir jarohatlarini hisobga olib, qamoq emas, 3 yil-u 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi. Bu voqea oson pul ilinjida o‘zga yurt urushlariga qo‘shilayotgan yoshlar uchun achchiq saboqdir.









