SOS
Jinoyat

Naberejnye Chelnida migrantlarga noqonuniy hujjat yasab bergan guruh qo'lga olindi

Naberejnye Chelnida migrantlarga noqonuniy hujjat yasab bergan guruh qo'lga olindi

Naberejnye Chelnida migratsiya sohasidagi korrupsion sxemalar yuzasidan tergov harakatlari boshlandi. Rossiya IIV bo'limi xodimi Markaziy Osiyo davlatlari fuqarolaridan muntazam ravishda pora olganlikda gumonlanmoqda. Tergov ma'lumotlariga ko'ra, mazkur shaxs 2025-yilning may oyidan 2026-yilning sentyabr oyiga qadar, ya'ni bir yarim yil davomida xorijliklarga patentlarni tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirib bergan hamda migratsiya hisobi bo'yicha maxfiy ma'lumotlarni taqdim etib kelgan.

Ushbu jinoyat ishi doirasida politsiya xodimidan tashqari, pora berishda gumon qilingan 4 nafar shaxs ham qo'lga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirildi. Tergov jarayonida o'zbek diasporasi vakillari bilan bog'liq uyushgan guruh faoliyati aniqlandi. Guruhning asosiy ishtirokchilaridan biri politsiya xodimi bilan bog'lovchi bo'g'in vazifasini bajargan va pul o'tkazmalarini amalga oshirgan.

Aniqlanishicha, mazkur guruh 100 dan ortiq Markaziy Osiyo fuqarosining Rossiyada noqonuniy bo'lishini tashkillashtirishda gumon qilinmoqda. Migratsiya hisobini uzaytirish uchun soxta hujjatlar, jumladan, qalbaki mehnat shartnomalari tayyorlangan. Ushbu shaxslar xususiy qurilish obyektlarida norasmiy tarzda ishlashga jalb qilingan.

Tekshiruvlar natijasida ushbu migrantlarning hech biri Federal soliq xizmati bazalarida tegishli korxona xodimi sifatida rasman ro'yxatdan o'tmagani ma'lum bo'ldi. Hozirda huquq-tartibot organlari tomonidan mazkur holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

17.10.20261