SOS
Jinoyat

Pora berishga uringan migrant 280 ming rubl jarima va qamoq jazosiga hukm qilindi

Pora berishga uringan migrant 280 ming rubl jarima va qamoq jazosiga hukm qilindi

Zabaykalye o‘lkasining Mogochinskiy tumanida 39 yoshli xorijlik fuqaro migratsiya qonunchiligi bilan bog‘liq muammolarni pora berish yo‘li bilan hal qilmoqchi bo‘ldi. U o‘zi va yana 11 nafar noqonuniy migrantning Rossiya hududida qolishiga ko‘z yumish evaziga mansabdor shaxsga 28 ming rubl taklif qilgan.

Mansabdor shaxs pulni olishdan qat’iyan bosh tortgan va huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Natijada xorijlik fuqaroga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud jarayonida ayblanuvchi o‘z aybini tan olmasdan, pulni jarima sifatida to‘lamoqchi bo‘lganini va til bilmasligi sababli tushunmovchilik yuzaga kelganini da’vo qilgan.

Biroq sud ushbu vajlarni inobatga olmadi va uni pora berishga urinishda aybdor deb topdi. Hukmga ko‘ra, migrant bir yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shuningdek, unga pora summasidan o‘n baravar ko‘p bo‘lgan — 280 ming rubl miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Ushbu holat Rossiyada migratsiya qoidalari buzilgan taqdirda, masalani noqonuniy yo‘llar bilan hal qilishga urinish og‘ir oqibatlarga, jumladan, ozodlikdan mahrum etilish va katta miqdordagi moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishini yana bir bor eslatib o‘tadi.

05.09.20267