SOS
Jinoyat

Qidiruvdagi o'zbekistonlik migrant Rossiyada qo'lga olindi

Qidiruvdagi o'zbekistonlik migrant Rossiyada qo'lga olindi

Rossiyaning Astraxan viloyatida o'tkazilgan «Noqonuniy migrant – 2026» operatsiyasi doirasida davlatlararo qidiruvda bo'lgan O'zbekiston fuqarosi qo'lga olindi. 2004-yilda tug'ilgan ushbu shaxs «Karauzek» avtomobil o'tkazish punkti orqali mamlakatdan chiqib ketishga urinayotgan vaqtda huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan to'xtatilgan.

Ma'lum bo'lishicha, mazkur shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi «a» bandi (16 yoshga to'lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Mart oyida unga nisbatan sirtdan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlangan va u davlatlararo qidiruvga berilgan edi.

Tekshiruv davomida gumonlanuvchining Rossiya hududida noqonuniy bo'lib turgani aniqlangan. U bir necha oy davomida Volgograd viloyatidagi qurilish obyektlaridan birida ishlagan. Migratsiya qoidalarini buzgani uchun unga nisbatan Rossiya Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 18.8-moddasi 1.1-qismi bo'yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Astraxan politsiyasi mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasiga xabar bergan. Hozirda qidiruvdagi shaxs tergov izolyatoriga joylashtirilgan bo'lib, u O'zbekistonga ekstraditsiya qilinishini kutmoqda.

22.10.20262