Rossiya Federatsiyasi Tergov qo'mitasining Qo'rg'on viloyati bo'yicha boshqarmasi xabariga ko'ra, 30 yoshli xorijlik fuqaro ekstremistik tashkilot faoliyatida ishtirok etganlikda gumonlanmoqda. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 282.2-moddasi 2-qismi bilan ayblov e'lon qilingan.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, mazkur shaxs 2025-yilning sentyabr oyidan boshlab Qo'rg'on viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida bo'lgan vaqtida Rossiya Oliy sudi tomonidan ekstremistik deb topilgan va taqiqlangan tashkilot mafkurasini targ'ib qilgan. U jinoiy muhitda qabul qilingan ushbu tashkilot qoidalari va tartiblarini targ'ib qilishda ayblanmoqda.
Noqonuniy faoliyat Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) va Jazoni ijro etish federal xizmati (FSIN) xodimlari tomonidan aniqlangan. Avgust oyi oxirida ozodlikka chiqqan gumonlanuvchi huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo'lga olindi va sud qarori bilan unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanildi.
Ayni damda tergov organlari ushbu ekstremistik tashkilotning tashkilotchisi va boshqa ishtirokchilariga nisbatan tergov harakatlarini davom ettirmoqda. Huquq-tartibot idoralari ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo'yicha ma'lumotga ega bo'lgan fuqarolarni ishonch telefoni orqali xabar berishga chaqirmoqda.









