Sankt-Peterburg shahrining Kirov tumanida huquq-tartibot organlari tomonidan noqonuniy intim xizmatlar ko'rsatib kelgan joy fosh etildi. Rossiya IIVning Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati bo'yicha bosh boshqarmasi xabariga ko'ra, tezkor tadbirlar Dachniy prospektidagi xonadonlardan birida o'tkazilgan.
Tekshiruv davomida 41 yoshli Markaziy Osiyo davlati fuqarosi ushbu xonadonni fohishaxona sifatida ijaraga berib kelganlikda gumonlanib qo'lga olindi. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan bo'lib, gumonlanuvchiga nisbatan yashash joyidan chiqib ketmaslik tarzidagi ehtiyot chorasi qo'llanildi.
Shuningdek, xonadonda bo'lgan 36 va 33 yoshli yana ikki ayol aniqlangan. Ularning barchasiga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Ayollardan biri migratsiya qonunchiligini buzganligi uchun qo'shimcha javobgarlikka tortilgan.
Politsiya xodimlari voqea joyidan beshta mobil telefon va pul mablag'larini ashyoviy dalil sifatida olib qo'ygan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.









