Ryazan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabariga ko'ra, shahar ko'chalaridan birida 21 yoshli xorijlik fuqaro qo'lga olingan. Tekshiruv jarayonida uning kiyimlaridan 2,23 gramm og'irlikdagi sintetik giyohvand modda topilgan. Shuningdek, u oldindan joylashtirib ketgan yana 0,74 gramm modda ham huquq-tartibot organlari tomonidan aniqlanib, olib qo'yilgan.
Tergov versiyasiga ko'ra, yigit internet orqali giyohvand moddalar savdosi bilan shug'ullanuvchi guruhga yollangan. U Moskvadan Ryazanga faqat «zakladka» (giyohvand moddalarni yashirin joylarga qoldirish) qilish uchun kelgan va ishni tugatgach, ortga qaytishni rejalashtirgan. Dastlab Rossiyaga mehnat qilish maqsadida kelgan shaxs, oson daromad va'dasiga ishonib, jinoiy faoliyatga qo'shilib qolgan.
Hozirgi vaqtda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Gumonlanuvchi vaqtinchalik saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. Rossiya qonunchiligiga ko'ra, giyohvand moddalarni noqonuniy saqlash va tarqatish og'ir jinoyat hisoblanadi hamda uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
Ushbu holat migrantlarni internet orqali taklif qilinayotgan shubhali va noqonuniy «ish» takliflariga aldanib qolmaslikka chaqiradi. Har qanday noqonuniy harakat nafaqat shaxsiy erkinlikning yo'qotilishiga, balki deportatsiya va Rossiya hududiga kirishning umrbod taqiqlanishiga olib kelishi mumkin.









