Rossiyada migrantlar haqidagi izoh uchun 10 ming rubl jarima belgilandi

Rossiyaning Rostov-Don shahrida mahalliy sud fuqaroni ijtimoiy tarmoqlarda migrantlar haqida qoldirgan izohi uchun javobgarlikka tortdi. Sud qaroriga ko'ra, ayol “nafrat va adovat qo'zg'atish” moddasi bo'yicha aybdor deb topilgan.
Voqeaga ayolning mintaqaviy yangiliklardan biri ostida yozgan hissiyotli izohi sabab bo'lgan. Huquq-tartibot idoralari ushbu yozuv yuzasidan ekspertiza o'tkazib, unda qonunbuzarlik alomatlari borligini aniqlagan. Natijada sud ayolga 10 ming rubl miqdorida jarima jazosini tayinladi.
Ma'lum qilinishicha, sud jarayonida ayolning oilaviy sharoiti, xususan, o'g'lining harbiy amaliyotda halok bo'lgani inobatga olingan. Bu holat jarima miqdorining kamaytirilishiga ta'sir ko'rsatgan. Shuningdek, jarima summasi jamoatchilik ko'magi bilan to'lab berilgani qayd etilgan.
Ushbu holat Rossiyada internetdagi chiqishlar, jumladan, millatlararo munosabatlarga oid keskin fikrlar uchun qonuniy javobgarlik mavjudligini yana bir bor eslatib o'tadi. Huquqshunoslar ijtimoiy tarmoqlarda izoh yozishda qonunchilik talablariga rioya qilish muhimligini ta'kidlashadi.








