Rossiya Tergov qo'mitasi raisi Aleksandr Bastrikin ishtirokida o'tkazilgan yig'ilishda joriy yilning 8 oyi davomida xorijiy fuqarolar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar tahlil qilindi. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 2026-yilda xorijliklarning umumiy jinoyatchilikdagi ulushi 5 foizdan 3 foizgacha qisqargan.
Hisobot davrida migrantlar tomonidan jami 18 mingga yaqin qonunbuzarlik qayd etilgan bo'lib, bu o'tgan yilning shu davriga nisbatan 39 foizga kamroqdir. Shuningdek, xorijliklar va Rossiyada noqonuniy yashayotgan shaxslar tomonidan sodir etilgan og'ir turdagi jinoyatlar, jumladan, qotillik, zo'rlash va talonchilik holatlari ikki baravarga qisqargani qayd etildi.
Shu bilan birga, etnik guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 13 foizga oshgan. Tergov qo'mitasi ma'lumotlariga ko'ra, bunday guruhlar ko'pincha Markaziy Osiyo va Kavkazorti davlatlari vakillaridan shakllanadi. Bundan tashqari, noqonuniy migratsiyani tashkil etish bilan bog'liq holatlar 3 mingtagacha ko'paygan.
Migratsiya sohasidagi mansabdor shaxslarning qonunbuzarliklari ham diqqat markazida bo'ldi. 2026-yilda ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan 463 ta jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Ushbu sohadagi jinoyatlar uchun 217 ta ish sudga oshirilgan bo'lib, bu ko'rsatkich o'tgan yilga nisbatan 42 foizga ko'pdir.









