SOS
Jinoyat

Rossiyada qamoq jazosidan qutulish uchun harbiy shartnoma imzolagan o'zbekistonlik sudlandi

Rossiyada qamoq jazosidan qutulish uchun harbiy shartnoma imzolagan o'zbekistonlik sudlandi

Qashqadaryolik 30 yoshli A.X. 2024-yil mart oyida Rossiyaga ishlash uchun borgan va yetkazib berish xizmatida faoliyat yuritgan. 2024-yil 1-aprelda u politsiya tomonidan to'xtatilib, yuklari orasidan 96 gramm geroin va 76 gramm psixotrop moddalar topilgani sababli qo'lga olingan. 2024-yil 15-noyabrda sud uni 10 yil-u 10 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilgan.

Qamoqxonada o'tirgan vaqtida unga Rossiya Mudofaa vazirligi bilan harbiy shartnoma imzolash taklif qilingan. Unga muddatidan oldin ozodlikka chiqish, Rossiya fuqaroligini olish, 400 ming rubl miqdorida bir martalik to'lov va oyiga 210 ming rubl maosh va'da qilingan. Natijada, 2025-yil 18-iyulda u shartnoma imzolab, qamoqdan ozod etilgan va Lugansk viloyatiga yuborilgan.

Harbiy tayyorgarlik vaqtida mototsikldan yiqilib, o'ng o'mrov suyagini sindirib olgan A.X. Volgograd gospitalida davolangan. 2025-yil 22-avgustda u harbiy qismdan qochib, 23-avgust kuni O'zbekistonga qaytib kelgan va huquq-tartibot organlariga o'z ixtiyori bilan taslim bo'lgan. U jangovar harakatlarda qatnashmaganini bildirgan.

O'zbekiston sudi uning aybiga iqrorligi, pushaymonligi, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va og'ir moddiy ahvolini inobatga olgan. Yakuniy qarorga ko'ra, unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Unga yashash joyini o'zgartirish va Qashqadaryo viloyatidan ruxsatsiz chiqib ketish taqiqlandi.

12.10.20261