SOS
Jinoyat

Tulada migrantlar mehnatidan foydalangan yirik qalbaki alkogol zavodi fosh etildi

Tulada migrantlar mehnatidan foydalangan yirik qalbaki alkogol zavodi fosh etildi

Rossiyaning Tula viloyati Shirinskiy posyolkasida politsiya va Rosgvardiya xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida noqonuniy migrantlar mehnatidan foydalanib kelingan ulkan yashirin alkogol zavodi tugatildi.

Toʻrtta yirik kapital binodan iborat hududda yoʻlga qoʻyilgan ushbu yashirin biznesda sanoat darajasidagi maxsus quyish liniyalari tunu kun ishlab kelgan. Tintuv jarayonida huquq-tartibot idoralari tomonidan 58 mingdan ortiq shisha tayyor qalbaki alkogol mahsuloti, 12 ming litrga yaqin tarkibida spirt boʻlgan suyuqlik hamda tayyor mahsulotlarni tashishga moʻljallangan 2 ta yirik yuk avtomobili musodara qilindi.

Mazkur jinoiy sxemaning asosiy ishchi kuchi sifatida tashqi dunyodan yashiringan holda zavod hududida noqonuniy yashab va mehnat qilib kelgan 9 nafar xorijlik migrant jalb qilingani aniqlandi. Huquq tartibot idoralari tomonidan nafaqat ushbu xorijiy ishchilar, balki jinoiy tarmoqning taxminiy tashkilotchisi va yuk mashinasi haydovchisi ham ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.

Hozirda qoʻlga olingan barcha 11 nafar gumonlanuvchiga nisbatan markalanmagan mahsulotlarni yirik miqdorda ishlab chiqarish moddasi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilgan boʻlib, sud qarori bilan ularning barchasiga qamoqqa olish ehtiyot chorasi belgilandi.

Bundan tashqari, zavod egasiga nisbatan migrantlarni noqonuniy ishlatgani uchun "Noqonuniy migratsiyani tashkil etish" ayblovi bilan qoʻshimcha jinoiy ish ochilgan boʻlsa, xorijlik ishchilarning oʻzlariga nisbatan migratsiya qonunchiligini buzganliklari uchun maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

15.10.20261