Rossiya Tergov qo'mitasining Yoqutiston Respublikasi bo'yicha boshqarmasi 1993-yilda sodir etilgan og'ir jinoyat bo'yicha tergov yakunlanganini e'lon qildi. 56 yoshli mahalliy fuqaro o'sha vaqtda yuz bergan qotillik va qotillikka urinishda ayblanmoqda.
Tergov ma'lumotlariga ko'ra, 1993-yil 27-oktyabrdan 28-oktyabrga o'tar kechasi Yoqutsk shahridagi xonadonlardan birida shaxsiy adovat tufayli mojaro kelib chiqqan. Ayblanuvchi uch nafar tanishiga pichoq bilan jarohat yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchilardan biri voqea joyida vafot etgan, qolgan ikki kishi esa o'z vaqtida ko'rsatilgan tibbiy yordam tufayli omon qolgan.
Jinoyat sodir etilganidan so'ng, gumonlanuvchi qidiruvga berilgan va uzoq vaqt davomida yashiringan. U 2024-yilda shaxsiy ma'lumotlarini o'zgartirib, Moskvaga ishlash uchun kelgan va migratsiya qonunchiligini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan. Shundan so'ng u yana Rossiyani tark etgan, biroq 2026-yilda qaytib kelganida huquq-tartibot organlari tomonidan qo'lga olingan.
Qo'lga olingan shaxs Yoqutistonga olib kelingan va sud qarori bilan hibsga olingan. Tergov davomida to'plangan dalillar asosida jinoyat ishi mazmunan ko'rib chiqish uchun sudga yuborildi.









