2027-yildan migrantlar ustidan nazorat kuchayadi: sun'iy intellekt tizimi ishga tushiriladi

Rossiya Ichki ishlar vazirligi 2027-yildan boshlab noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish maqsadida maxsus tahliliy markazni ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlik rahbari o'rinbosari Andrey Kikot ma'lum qildi.
Yangi markazning asosiy vazifasi migratsiya jarayonlarini kompleks tahlil qilish va qonunbuzarliklarni tezkor aniqlashdan iborat bo'ladi. Tizim sun'iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ishlaydi va turli manbalardan olingan ma'lumotlarni markazlashtiradi.
Ushbu tizim chegaradan o'tish punktlari, migratsiya nazorati postlari, yuzni tanish funksiyasiga ega kuzatuv kameralari hamda ish beruvchilar va davlat idoralari taqdim etgan ma'lumotlarni birlashtiradi. To'plangan axborotlar qonunbuzarliklarni aniqlash va tezkor choralar ko'rish uchun tahlil qilinadi.
Ayni paytda markazni tashkil etish bo'yicha moliyalashtirish masalalari hal etilgan va loyihaning texnik topshiriqlarini ishlab chiqish ishlari olib borilmoqda. Migrantlar uchun bu tizim hujjatlar va migratsiya qoidalariga rioya qilish bo'yicha nazoratning yanada kuchayishini anglatadi.








