Rossiyada jazo o'tayotgan o'zbekistonlik mahkumlarni vatanga qaytarish tartibi soddalashishi mumkin

Rossiya Adliya vaziri Konstantin Chuychenko MDH davlatlari bilan hamkorlikda mahkumlarni jazoni o'tash uchun o'z vataniga qaytarish tartib-qoidalarini optimallashtirish zarurligini ta'kidladi. Bu tashabbus xorijlik mahkumlarning o'z fuqaroligiga ega bo'lgan davlatlarda jazo muddatini o'tashini osonlashtirishga qaratilgan.
Rossiya Adliya vazirligi ma'lumotlariga ko'ra, idoralararo kelishuv va mahkumlarni topshirish jarayonini yanada tezkor, aniq hamda shaffof shaklga keltirish asosiy maqsad etib belgilangan. Hozirgi kunda ushbu yo'nalishda tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur o'zgarishlar Rossiyada jazo muddatini o'tayotgan o'zbekistonlik mahkumlarning o'z vataniga qaytarilish jarayoniga ham ta'sir qilishi mumkin. Yangi tartib joriy etilsa, mahkumlarni ekstraditsiya qilish yoki jazoni o'tash joyini o'zgartirish bilan bog'liq hujjatlar almashinuvi va rasmiylashtirish jarayoni qisqarishi kutilmoqda.








