Rossiya Davlat Dumasiga xorijlik fuqarolarni ishga joylashtirishning yangi tartibini joriy etish bo'yicha qonun loyihasi kiritilishi kutilmoqda. «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi raisi Sergey Mironov tashabbusiga ko'ra, amaldagi patent tizimidan voz kechib, maqsadli tashkiliy yollash tizimiga o'tish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasiga ko'ra, migrantlar faqat aniq bir korxonada ishlash huquqiga ega bo'ladi. Ishchi o'z xohishiga ko'ra boshqa tashkilotga o'tishi qat'iyan taqiqlanadi. Ushbu qoidani buzgan xorijlik fuqarolar Rossiya hududidan chiqarib yuborilishi (deportatsiya) ko'zda tutilgan.
Yangi tartib doirasida federal ish beruvchilar reyestri joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Mehnat shartnomasi muddati tugagach, migrantlar o'z yurtiga qaytishi shart bo'ladi. Bunda xorijlik ishchining ortga qaytishini tashkil etish majburiyati ish beruvchi zimmasiga yuklanadi.
Shuningdek, qonun loyihasi ish beruvchilarning mas'uliyatini oshirishni nazarda tutadi. Unga ko'ra, xorijlik xodimlarni migratsiya hisobiga qo'yish, ish ruxsatnomasini to'lash, vaqtinchalik turar joy va tibbiy sug'urta bilan ta'minlash xarajatlarini to'liq ish beruvchi qoplashi taklif etilmoqda.









