LDPR bolalar bog'chalari va maktablardagi migrantlar farzandlari soniga cheklov kiritishni taklif qildi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDPR) vakillari Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Mixail Mishustinga maktablar, bolalar bog'chalari va o'rta maxsus ta'lim muassasalarida xorijlik fuqarolar farzandlari sonini cheklash bo'yicha taklif kiritdi. Partiya rahbarining birinchi o'rinbosari Vladimir Sisoyevning ma'lum qilishicha, ushbu ta'lim muassasalarida xorijlik bolalar ulushi 25 foizdan oshmasligi kerak.
Taklif etilayotgan tashabbusga ko'ra, ushbu kvota tizimini 2027-yildan boshlab joriy etish ko'zda tutilgan. Hujjatda ta'kidlanishicha, davlat birinchi navbatda Rossiya fuqarolari bo'lgan bolalarning ta'lim olish huquqini kafolatlashi lozim. Partiya vakillari bu cheklov xorijlik bolalarning ta'lim olishini taqiqlash emas, balki ta'lim tizimidagi tartibni muvofiqlashtirish maqsadida taklif etilayotganini qayd etgan.
Deputatning fikricha, sinf yoki guruhlarda xorijlik o'quvchilar ulushining yuqori bo'lishi pedagoglarga qo'shimcha yuklama yaratadi va o'quv jarayonini qiyinlashtirishi mumkin, ayniqsa, bolalar rus tilini yetarli darajada bilmasa. Hozirgi bosqichda mazkur taklif tegishli federal ijro hokimiyati organlari tomonidan ko'rib chiqilishi uchun hukumatga taqdim etilgan.








