MOSKVA. LDPR partiyasi rahbari Leonid Slutskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvning qisqa videolavhasini oʻzining rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifasiga joylashtirdi.
Partiya yetakchisi ushbu postda LDPRning Davlat Dumasidagi yaqin besh yillik ustuvor vazifalari va migratsiya siyosatiga oid takliflarini eʼlon qildi. Slutskiy oʻz bayonotida partiya rus xalqi manfaatlarini himoya qilishda davom etishini va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishini taʼkidlagan.
Partiya rahbari oʻz sahifasida shunday deb yozadi:
"LDPR bundan keyin ham rus xalqini himoya qilishda davom etadi. Rossiya Prezidenti bilan uchrashuvda LDPRning Davlat Dumasidagi yaqin besh yillik vazifalari haqida gapirib berdim. Migratsiya siyosati ustida ishlashni va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashni davom ettiramiz. Migrantlarning oʻz oila aʼzolarini Rossiyaga olib kelish imkoniyatlarini cheklashni taklif qilmoqdamiz. Mamlakatimizga kelib, tartibsizlikdan boʻlak hech narsa yaratmayotganlarga koʻz yumib boʻlmaydi. Qonun loyihalari paketimizning bir qismi allaqachon qabul qilindi, qolgan tashabbuslarimizni ham oxirigacha himoya qilamiz".
Eslatib oʻtamiz, LDPR fraksiyasi Rossiya qonunchiligida xorijiy ishchilarning mamlakatda boʻlish qoidalarini qatʼiylashtirishga qaratilgan bir qator cheklovlarni ilgari surib kelmoqda.









