SOS
Siyosat

"Migrantlar Rossiya hududida erkin harakatlanmasligi kerak"

"Migrantlar Rossiya hududida erkin harakatlanmasligi kerak"

Rossiya Davlat Dumasining Ma'rifat masalalari bo'yicha qo'mitasi raisi o'rinbosari Nikolay Starikov migrantlar mehnatini tartibga solish bo'yicha o'z takliflarni o'rtaga tashladi. Deputatning so'zlariga ko'ra, amaldagi patent tizimi o'zini oqlamayapti va uni bekor qilish zarur.

Starikovning ta'kidlashicha, xorijlik ishchilar Rossiya hududida erkin harakatlanmasligi kerak. Uning taklifiga ko'ra, migrantlar faqat aniq bir loyiha yoki korxona uchun taklif etilishi va ish tugagach, mamlakatni tark etishi shart. Deputat bu yondashuvni "keldi, ishladi, xayrlashdi" tamoyili deb atadi.

Shuningdek, deputat migrantlar uchun hech qanday ijtimoiy kafolatlar yoki ularning oila a'zolari bilan birga yashashi nazarda tutilmasligi kerakligini qo'shimcha qildi. Uning fikricha, xorijlik ishchiga faqat o'z vaqtida va to'liq hajmda ish haqi to'lanishi kifoya.

Bundan tashqari, Starikov migrantlarni deportatsiya qilish xarajatlarini qoplash uchun ularning daromadlaridan ajratmalar yig'adigan maxsus jamg'arma tashkil etish tashabbusini qo'llab-quvvatladi. Deputatning aytishicha, ayrim hududlarda deportatsiya jarayonlarini moliyalashtirish uchun mablag' yetishmovchiligi kuzatilmoqda va bu jamg'arma mazkur muammoni hal qilishi mumkin.

10.11.20265