Xiva shahrida bo'lib o'tgan O'zbekiston va Belarus parlamentlararo forumi doirasida ikki mamlakat o'rtasidagi mehnat migratsiyasi masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Tomonlar fuqarolarni qonuniy asosda ish bilan ta'minlash hamda ularning mehnat va ijtimoiy huquqlarini himoya qilish bo'yicha fikr almashdilar.
Uchrashuvda parlamentlararo muloqotni kuchaytirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va qo'shma loyihalarni ko'paytirish masalalari ko'rib chiqildi. Xususan, ikki davlat o'rtasidagi o'zaro savdo hajmini 2 mlrd dollarga yetkazish maqsad qilingan bo'lib, bu borada sanoat kooperatsiyasi va investitsiyaviy loyihalarni qo'llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.
Forum doirasida tashkil etilgan “Made in Uzbekistan” va “Made in Belarus” ko'rgazmalarida 100 dan ortiq korxona o'z mahsulot va loyihalarini namoyish etdi. Shuningdek, hududlararo hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 15 ta ikki tomonlama kelishuv imzolandi, bu esa kelgusida yangi ish o'rinlari va tadbirkorlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ushbu kelishuvlar migrantlar uchun qonuniy va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta'minlash, shuningdek, ikki mamlakat o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash orqali yangi ish o'rinlarini ochishga qaratilgan amaliy qadam sifatida baholanmoqda.









