SOS
Siyosat

Primoryeda migrantlar uchun transport va logistika sohasidagi taqiqlar yumshatiladi

Primoryeda migrantlar uchun transport va logistika sohasidagi taqiqlar yumshatiladi

Rossiyaning Primore o‘lkasida 2027-yildan boshlab mehnat patenti asosida ishlaydigan xorij fuqarolari uchun transport va logistika sohasidagi cheklovlar qisman bekor qilinishi kutilmoqda.

Mintaqa Migratsiya siyosati agentligi tomonidan tayyorlangan yangi gubernator qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Unga ko‘ra, migrantlar taqiqlangan sohalar ro‘yxati joriy yildagi 88 tadan 83 tagacha qisqartiriladi.

Yangi hujjat loyihasiga ko‘ra, yuk omborlarida ishlash, yuklarni saqlash va ularga transport ishlovlarini berish (yuk ortish-tushirish) yo‘nalishlari migrantlar uchun joriy etilgan taqiqlardan chiqariladi.

Bu qaror o‘lkada dengiz portlari, terminallar va yirik transport-logistika markazlarini (TLC) kengaytirish hamda yangi investitsiya loyihalarini to‘liq quvvat bilan ishga tushirish maqsadida qabul qilinmoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2027-yildan boshlab Primoryeda yirik logistika xablari foydalanishga topshiriladi va ular mahalliy kadrlar hisobidan qoplab bo‘lmaydigan qo‘shimcha ishchi kuchiga ehtiyoj sezadi.

Yengilliklar faqatgina yuk tashish va logistika infratuzilmasiga tegishli bo‘lib, quyidagi yo‘nalishlarda patent bilan ishlaydigan migrantlar mehnati yollanishi taqiqlanganligicha qoladi:

• Jamoat transporti va taksi: Avtobus, tramvay, trolleybus hamda yengil taksi haydovchiligi.

• Xavfli yuklar: Kimyoviy yoki xavfli moddalarni tashish va quvurlar transporti sohasi.

• Kritik infratuzilma: Energetika, suv va issiqlik ta’minoti, aloqa hamda sog‘liqni saqlash tizimlari.

Mintaqa rasmiylarining ta’kidlashicha, cheklovlarning saqlanishi mahalliy aholi bandligini ta’minlash va xavfsizlikni nazorat qilishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda Primore o‘lkasidagi korxona va tashkilotlar jami 52 968 nafar ishchiga ehtiyoj sezmoqda. Eng katta kadrlar yetishmovchiligi qurilish (28,9%), ishlab chiqarish (13,7%), qishloq xo‘jaligi va baliqchilik (11%) sohalarida kuzatilmoqda. Bu tarmoqlarda xorijliklarning patent bilan ishlashiga cheklovlar qo‘yilmagan.

Mintaqa Ichki ishlar vazirligi bosh boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabr holatiga ko‘ra, o‘lkada 47 mingdan ortiq xorij fuqarosi mehnat qilmoqda. Ularning qariyb 20 ming nafari (mehnat migrantlarining 42-44 foizi) patent asosida faoliyat yuritadi. Ishchi migrantlar o‘lka iqtisodiyotida band bo‘lgan umumiy aholining 4,9 foizini tashkil etadi.

28.10.20261