SOS
Siyosat

Qozonda kuryerlar uchun yangi qoidalar joriy etildi: tezlik va harakat cheklanadi

Qozonda kuryerlar uchun yangi qoidalar joriy etildi: tezlik va harakat cheklanadi

Qozon shahrida kuryerlik xizmatlari faoliyatini tartibga solish maqsadida yangi qoidalar kuchga kirdi. Shahar ijroiya qo'mitasi ma'lumotiga ko'ra, endilikda kuryerlar sumkalariga svetootrazatel elementli va noyob identifikatsiya raqamlari tushirilgan belgilar o'rnatilishi shart. Ushbu chora yo'llarda kuryerlarni aniqlash va nazorat qilish imkonini beradi.

Kuryerlar foydalanadigan elektrosikllar endi IoT-modullar bilan jihozlanishi lozim. Ushbu qurilmalar GPS/GLONASS yordamida transport vositasining tezligini avtomatik cheklaydi va taqiqlangan hududlarga kirishni bloklaydi. Belgilangan qoidalarga ko'ra, maksimal tezlik 25 km/soatdan oshmasligi kerak, ayrim "sekin harakatlanish zonalari"da esa bu ko'rsatkich 10–15 km/soatgacha pasaytiriladi.

Shahar bo'ylab 15 ta hududda, jumladan, Qozon kremli, Bauman ko'chasi va bir qator parklarda kuryerlarning transport vositalarida harakatlanishi butunlay taqiqlangan. Bunday joylarda kuryerlar buyurtmani piyoda yetkazib berishlari yoki transportni ruxsat etilgan joyda qoldirishlari kerak bo'ladi. Shuningdek, maysazorlar va piyodalar yo'lagining 1,5 metrdan kam qismi qoladigan joylarda transport vositalarini qoldirish man etiladi.

Ushbu qoidalarga rioya etilishini nazorat qilish uchun "Kuryerlar: jamoatchilik nazorati" nomli chat-bot ishga tushirildi. Qoidabuzarliklar uchun jarimalar kuryerlarni yollagan kompaniyalar tomonidan belgilanadi. "Yandex", "Kuper", "Samokat" kabi yirik servislar shahar ma'muriyati bilan tegishli kelishuvlarni imzolagan.

Rasmiy statistikaga ko'ra, 2026-yilning 9 oyi davomida Qozonda shaxsiy harakatlanish vositalari ishtirokida 34 ta yo'l-transport hodisasi qayd etilgan bo'lib, ularda 37 kishi jabrlangan. Shahar hokimiyati yangi qoidalarni bosqichma-bosqich joriy etishni rejalashtirgan va yozgi mavsumgacha o'tish davri belgilangan.

27.10.20261