Rossiya prezidentining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulovning ma'lum qilishicha, Afg'onistondan mehnat migrantlarini jalb qilish bo'yicha amaliy tayyorgarlik ishlari olib borilmayapti. Uning so'zlariga ko'ra, yaqin kelajakda bu tashabbusni amalga oshirish uchun hech qanday istiqbollar mavjud emas.
Zamir Kabulov «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida tomonlar o'rtasida maslahatlashuvlar bo'lib o'tganini, biroq bu juda murakkab masala ekanligini ta'kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur jarayon Rossiya Tashqi ishlar vazirligining asosiy vakolatiga kirmaydi va ko'proq migratsiya hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar doirasidagi masaladir.
Shuningdek, maxsus vakil 2026-yil oxirigacha ushbu sohada hamkorlik shartlarini kelishib olish imkoniyati haqidagi savolga javob berar ekan, bunday natijaga erishishning iloji yo'qligini bildirdi. Hozirgi vaqtda Afg'onistondan ishchi kuchini jalb qilish bo'yicha hech qanday siljishlar kuzatilmayapti.









