Rossiya hududlarida xorijlik ishchilarni patent asosida yollashga qo'yilgan cheklovlar qurilish, qishloq xo'jaligi, savdo, umumiy ovqatlanish, logistika va uy-joy kommunal xo'jaligi sohalarida kadrlar taqchilligini kuchaytirdi. Rossiya Markaziy banki ma'lumotlariga ko'ra, iyul-avgust oylarida mamlakatdagi qator korxonalarda mehnat resurslari bilan ta'minlanganlik darajasi yomonlashgan.
Statistik ma'lumotlarga ko'ra, kadrlar yetishmovchiligi ayniqsa ayrim hududlarda yaqqol sezilmoqda. Xususan, 2026-yil iyul holatiga ko'ra, Oltoy Respublikasida ishchilarga bo'lgan ehtiyoj yil davomida 2,5 barobardan ko'proqqa oshib, 3,9 ming kishini tashkil etdi. Kurgan viloyatida bu ko'rsatkich 1,5 barobarga o'sib, 10,8 ming nafarga, Zabaykalsk o'lkasida esa uchdan bir qismga ko'payib, 14,3 ming nafarga yetdi.
Rossiya IIV ma'lumotlariga ko'ra, joriy yilning yanvar-avgust oylarida xorijliklarga berilgan patentlar soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan chorak qismga kamaygan va taxminan 1,39 milliontani tashkil etgan. Mutaxassislarning fikricha, ushbu holat biznes xarajatlarining oshishi va xizmatlar narxiga ta'sir ko'rsatishi mumkin, chunki xorijlik ishchilarni qisqa muddatda to'liq almashtirish imkoni cheklangan.
Ushbu vaziyat migrantlar uchun ish topish jarayonida mintaqaviy talab va cheklovlarni hisobga olish muhimligini ko'rsatadi. Ish beruvchilarning kadrlar tanqisligi sharoitida qanday strategiya tanlashi va mehnat bozoridagi o'zgarishlar migrantlarning ishga joylashish imkoniyatlariga bevosita ta'sir ko'rsatishi kutilmoqda.









