SOS
Siyosat

Rossiya hududlarida migrantlar uchun yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin

Rossiya hududlarida migrantlar uchun yangi cheklovlar joriy etilishi mumkin

Rossiya Davlat Dumasida xorijlik fuqarolarning migratsiya hisobi va mehnat faoliyati bilan bog'liq qoidalarni o'zgartirishni nazarda tutuvchi ikkita qonun loyihasi muhokama qilinmoqda. Ushbu tashabbuslar dekabr 2026-yilgi dasturga kiritilgan bo'lib, ular qabul qilingan taqdirda, hududiy hokimiyat organlarining vakolatlarini kengaytiradi.

Birinchi qonun loyihasiga ko'ra, gubernatorlarga ayrim munitsipalitetlarda xorijliklarni yashash va bo'lish joyi bo'yicha ro'yxatdan o'tkazishning maxsus ruxsat beruvchi tartibini joriy etish huquqi berilishi mumkin. Hozirda bunday tartib faqat chegaradosh hududlar yoki yopiq shaharlar uchun amal qiladi. Agar qonun tasdiqlansa, 2027-yil 1-martdan boshlab mahalliy hokimiyatlar o'z hududlarida ro'yxatdan o'tish uchun qo'shimcha hujjatlar talab qilishlari mumkin bo'ladi.

Ikkinchi tashabbus esa xorijliklarning ishlashiga oid cheklovlarni kengaytirishni ko'zda tutadi. Hozirda hududlar faqat patent asosida ishlovchi migrantlar uchun ayrim sohalarda taqiq o'rnatishi mumkin. Yangi qonun loyihasi ushbu cheklovlarni migrantning huquqiy maqomidan qat'i nazar, barcha toifadagi xorijlik ishchilarga nisbatan qo'llash imkonini beradi. 2025-yilda Rossiyaning 51 ta subyektida shunday cheklovlar amal qilgan bo'lsa, yangi qoidalar bu ro'yxatni yanada kengaytirishi kutilmoqda.

Ta'kidlash joizki, ushbu qonun loyihalari hali qabul qilinmagan va 2026-yil 30-oktyabr holatiga ko'ra ko'rib chiqish bosqichida turibdi. Taklif etilayotgan o'zgarishlar avtomatik ravishda butun mamlakat bo'ylab kuchga kirmaydi, balki har bir hudud o'z ehtiyojidan kelib chiqib qaror qabul qiladi. Migrantlar uchun asosiy o'zgarishlar ro'yxatdan o'tish jarayonidagi qo'shimcha tartib-qoidalar va ishga joylashishdagi hududiy taqiqlar bilan bog'liq bo'lishi mumkin.

31.10.20261