2026-yil 10-noyabr kuni Rossiya Federatsiya Kengashining 622-yalpi majlisida “Hukumat soati” bo'lib o'tishi rejalashtirilgan. Unda Rossiya IIV rahbari Vladimir Kolokolsev ishtirok etib, mamlakatda noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ko'rilayotgan choralar yuzasidan ma'ruza qiladi.
Ushbu masala Federatsiya Kengashining mudofaa va xavfsizlik hamda konstitutsiyaviy qonunchilik va davlat qurilishi qo'mitalari tashabbusi bilan kun tartibiga kiritilgan. Majlisda migratsiya nazoratini kuchaytirish va sohadagi qonunbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan yondashuvlar muhokama qilinishi kutilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Federatsiya Kengashi majlisi doirasida migratsiya masalasidan tashqari, bir qator xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish ham ko'rib chiqiladi. Xususan, Zimbabve, Kambodja, Nikaragua, Belarus va Janubiy Osetiya bilan huquqiy yordam, jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish hamda mahkumlarni o'z vataniga o'tkazishga oid hujjatlar muhokama qilinadi.
Shuningdek, majlisda Markaziy bank vakillari raqamli rubldan foydalanishning fuqarolar va biznes uchun afzalliklari haqida ma'lumot beradi. Migratsiya sohasidagi o'zgarishlar va qabul qilinishi mumkin bo'lgan yangi tartiblar Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan xorijlik fuqarolar uchun muhim ahamiyat kasb etadi.









