Sankt-Peterburg ma'muriyati mehnat patenti asosida ishlayotgan xorijlik fuqarolar uchun taqiqlangan faoliyat turlarini sezilarli darajada kengaytirishga tayyorgarlik ko'rmoqda. Shahar gubernatori Aleksandr Beglov tomonidan imzolanishi kutilayotgan tegishli qaror loyihasi hozirda korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o'tkazilmoqda. Agar hujjat tasdiqlansa, ish beruvchilar o'zlaridagi migrant xodimlarni 2026-yil 1-dekabrgacha ishdan bo'shatishlari kerak bo'ladi.
Amaldagi cheklovlar taksi va yetkazib berish xizmatlarini o'z ichiga olgan bo'lsa, yangi ro'yxatga oziq-ovqat mahsulotlari, ichimliklar va tamaki mahsulotlari chakana savdosi, tibbiyot, massaj salonlari, sanatoriy-kurort tashkilotlari, sport klublari, fitnes-markazlar hamda sartaroshxona va go'zallik salonlari kiritilgan. Ushbu cheklovlar asosan O'zbekiston va Tojikiston fuqarolariga taalluqli bo'ladi.
Shu bilan birga, qurilish, ishlab chiqarish, omborxona faoliyati va klining xizmatlari xorijlik ishchilar uchun ochiqligicha qolmoqda. Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) davlatlari – Armaniston, Belarus, Qozog'iston va Qirg'iziston fuqarolari, Rossiyada yashash guvohnomasiga ega bo'lganlar, qochqinlar hamda viza asosida kirgan mutaxassislar ushbu cheklovlardan istisno hisoblanadi.
Sanoat vakillari va ekspertlar mazkur qarorning muddatiga e'tibor qaratmoqda. 1-dekabr sanasi chakana savdo va xizmat ko'rsatish sohalari uchun eng qizg'in mavsumga to'g'ri keladi. Ish beruvchilarning ta'kidlashicha, qisqa vaqt ichida xodimlarni almashtirish qiyin kechishi va bu ayrim savdo nuqtalarining yopilishiga yoki xizmatlar narxining oshishiga olib kelishi mumkin.









