So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda va ayrim axborot manbalarida «Rossiyaga COVID-19’ning yangi xavfli shtammi kirib kelmoqda, odamlar niqob taqishga chaqirilmoqda, emlanmaganlar esa jarimaga tortiladi» mazmunidagi xabarlar keng tarqalib, jamoatchilik orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, bu xabarlar qanchalik haqiqatga yaqin? Rasmiy manbalar va mutaxassislar bu borada nima deydi?
1. Yangi «PJ.2.1» shtammi haqiqatan ham bormi? Ha. Virusologlarning ma’lum qilishicha, 2026-yilning may oyida Kanadada aniqlangan va keyinchalik AQSh hamda Ispaniyada qayd etilgan PJ.2.1 («ultramutant») shtammi Rossiya hududiga ham kirib kelishi ehtimoli mavjud. Biroq Rospotrebnadzor va sog‘liqni saqlash mutaxassislari bu virusning navbatdagi mavsumiy mutatsiyasi ekanini, hozircha favqulodda epidemiologik xavf yoki yangi pandemiya to‘lqini e’lon qilinmaganini ta’kidlamoqda.
2. Majburiy niqob rejimi qaytdimi? Yo‘q. Butun Rossiya bo‘ylab majburiy niqob taqish tartibi joriy etilmagan. Kuz-qish mavsumida O‘RVI, gripp va koronavirus holatlari ko‘payishi munosabati bilan shifokorlar faqatgina odamlar gavjum joylarda, jamoat transportida niqob taqishni tavsiya qilmoqda. Majburiy cheklovlar faqat ayrim hududlardagi tibbiyot muassasalarida lokal darajada qo‘llanilishi mumkin.
3. Emlanishdan bosh tortganlar jarimaga tortiladimi? Yo‘q, bunday qonun yoki rasmiy qaror mavjud emas. Tarqalgan shov-shuvli xabar Sverdlovsk viloyati vaksinoprofilaktika bo‘limi mudirasi Elvira Ribinskovaning shaxsiy taklifidan kelib chiqqan. U ota-onalar va yoshlar orasida emlanishdan bosh tortish holatlari ko‘payganini tanqid qilib, jarima qo‘llash g‘oyasini ilgari surgan, xolos. Bu taklif qonunchilik darajasida ko‘rib chiqilmagan va amalda hech qanday jarima qo‘llanilmaydi.
Xulosa Rossiyada umumiy karantin, majburiy niqob rejimi yoki emlanmagan fuqarolar uchun jarimalar joriy etilmagan. Tarmoqlarda tarqalayotgan vahimali sarlavhalar rasmiy qaror emas, balki mutaxassislarning tavsiya va shaxsiy fikrlari asosida tayyorlangan materiallarning noto‘g‘ri talqinidir.
Ma’lumot uchun: Rossiyada bo‘lib turgan hamyurtlarimizdan faqat rasmiy manbalarga (Rospotrebnadzor va Sog‘liqni saqlash vazirligi) tayanishni hamda mavsumiy kasalliklardan himoyalanish uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni so‘rab qolamiz.









