Rossiya prezidenti Vladimir Putin hukumatga xorijlik ishchilarni mamlakatdagi hayot va mehnat sharoitlariga moslashtirish tizimini tashkil etish bo'yicha topshiriq berdi. Ushbu tashabbus doirasida migrantlarning rus tilini o'rganishi va integratsiya jarayonlarini kuchaytirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Prezidentning ta'kidlashicha, ishchi kuchi kelayotgan davlatlar ham qo'shma tayyorgarlik dasturlarini yo'lga qo'yishdan manfaatdor. Bu jarayonni samarali tashkil etish uchun rus tili o'qituvchilari sonini ko'paytirish rejalashtirilmoqda.
Rossiya IIV ma'lumotlariga ko'ra, hozirgi vaqtda mamlakatda 6 milliondan 6,5 milliongacha xorij fuqarosi bo'lib, ulardan 3 millioni mehnat migrantlari, 1,7 millioni esa ularning oila a'zolaridir. Har yili Rossiyaga turli maqsadlarda qariyb 9 million xorijlik kirib keladi.
Shuningdek, joriy yilning avgust oyida qabul qilingan qonunga ko'ra, sudlanganligi tugallanmagan xorijliklarning Rossiyada bo'lishi taqiqlandi. Bunday shaxslarning hujjatlari bekor qilinadi, faqat qochqinlar va siyosiy boshpana olganlar bundan mustasno.









